Mahallalarda yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va totuvlik sharaflanmoqda
O‘zbekiston tumanidagi “Bo‘ston” mahallasida “Qo‘shnichilik- ming yilchilik” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda millatlararo totuvlik chinakam ifodasini topdi.
Ayni mahalla o‘ramidagi 500 dan ziyod xonadonda 4 ming 300 dan ziyod ko‘p millatli aholi o‘zaro tinch-totuv yashab, el-yurt ravnaqi, mamlakat farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi tadbirda ham mahalla ahli yagona maqsad yo‘lida birlashib, milliy bahor taomlarini tayyorlashdi. Amaliy san’at va hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari, yoshlar ishtirokida milliy o‘yinlar tashkil etildi.
Tantanada keyingi yillarda mamlakatimizda yuz bergan asrlarga tatigulik yangilanishlar, xususan Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda yon qo‘shnilarimiz bilan o‘tmishdan quda-anda bo‘lib ketgan yaqin birodarlik, do‘stlik va ishonchli hamkorlik munosabatlarimiz yangi bosqichda qayta tiklangani e’tirof etilib, azaliy va abadiy do‘stlik rishtalarimiz sharaflandi.
Bayram shodiyonalariga xalqlar qardoshligini ulug‘lagan milliy kuy-qo‘shiqlar, badiiy dasturlar o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shu kuni ehtiyojmandlar va imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.