Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoyilari xodimlari!
Bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda, oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir paytda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Shunday murakkab pallada biz dehqonu-fermerlar, kooperativ a’zolari hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kib, bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, biz fermer va dehqonlar tomonidan respublika bo‘yicha 4 900 ming gektardan ziyod maydonlarda mashaqqatli mehnatimiz evaziga yetishtirilgan paxta xomashyosini yog‘in sochin kunlarga qoldirmasdan terib olish pallasida turibmiz.
Ayni paytda, yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar orqali siz — fermer va qishloq xo‘jaligi sub’yektlari uchun katta imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Xususan: 2025 yilning o‘tgan 9 oyi davomida qator imtiyozlar va vakolatlar berildi.
Birinchidan, 2025 yil 19 sentyabrdagi PQ-290-sonli qaroriga asosan, 2025 yil paxta hosilini nobud qilmasdan, o‘z vaqtida terib olishni ta’minlash maqsadida fermer xo‘jaliklariga ular tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga, shu jumladan klasterlaga birja savdolari orqali sotilgan (elektron hisobfaktura rasmiylashtirilgan) har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Ikkinchidan, soliq yuki yengillashtirildi: 2025 yil 19 martdagi PF-50-son Farmonga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqarildi, ijro ishlari to‘xtatildi;
Uchinchidan, yuqori hosil uchun rag‘bat shakllantirildi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 martdagi PQ-131-son Qarorga binoan, paxtadan 50 s/ga, g‘alladan 80 s/gadan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etildi:
ijaraga olingan yerlarning 25% qismiga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar) hamda yer solig‘ida bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffisiyentlar qo‘llashga ruxsat berildi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 apreldagi “PQ-136-son qarori bilan yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan xo‘jaliklarga o‘zlariga qarashli yerlarning dala chetlarida ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq, jami yer maydoning 1 %ga, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan yerga muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash ob’yektlarini qurishga ruxsat berildi.
Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarda “fermer” nomi bilan ishtirok etar ekansiz, o‘z kasbingizga sadoqat bilan yondoshib, dehqonchilikdan u qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin yuqori hosil olib, yaxshi daromad qilib, bozorlarimiz, dasturxonlarimizning to‘kin bo‘lishiga, qishloq xo‘jaligi sanoatining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan holda, mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida, xalqimiz hayoti tinch va farovon bo‘lishida faol qatnashish har birimizning fermerlik burchimiz hamda vazifamiz ekanligini esimizdan chiqarmaslik zarur.
Mirishkor va fidoiy fermerlar hamda klaster va kooperativlar!
Joylarda bu yil paxta terimida ishtirok etadigan terimchilarga barcha shart-sharoitlar yarating!
Birinchidan, paxta hom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun – 2000 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda naqd pulda mehnat haqi berilishi ta’minlang;
Ikkinchidan, paxta terish mashinaari bilan terib olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1373 so‘mdan kam bo‘lmagan xizmat haqi to‘lashni unutmang;
Uchinchidan, terimchilarni raqbatlantirish orqali har bir gektar maydonga 2 tadan terimchini jalb eting;
To‘rtinchidan, terimchilar bilan paxta maydonining o‘zida kunlik yoki har besh kunlik hisob-kitob qilinishi esa dala mehnatkashlari uchun yaratib berilgan qulayliklardan biri ekinligini esdan chiqarmang;
Beshinchidan, kunlik terib olingan paxta haqidagi ma’lumotlarni elektron tarozi va “Hosil qabuli” axborot tizimiga kiritishni unutmang;
Oltinchidan, O‘zbekistonning paxtasi, o‘zbek diyorida to‘liq qayta ishlanishi davlatimiz iqtisodiyotida, xalqimiz farovonligida qanchalik o‘rin tutishini yurakdan xis etaylik.
Yettinchidan, bu yil paxta yig‘im terimiga mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etgan holda tashkil etishingizni hamda har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanmaslikka chaqiramiz.
Aziz mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari!
Yurtboshimiz qishloq va mahallalarni obod qilishga, ularning obro‘-e’tibori hamda nufuzini oshirishga alohida ahamiyat bermoqdalar. Mamlakatimizda har yili 200 tadan ziyod qishloqning “Obod qishloq” Dasturiga kiritilishi, ularning obodonchiligiga xalqimizga qulay bo‘lishiga qancha mablag‘ zarur bo‘lsa, Prezidentimiz tomonidan shuncha ajratilmoqda.
Yurtboshimizning g‘amxo‘rliklariga javoban mehnatga yaroqli mahalla axlini, terimda uyushqoqligini ta’minlashda, Sizlarni xalqimizning yetakchi faollariga xos insonlar ekanliklaringizga ishonamiz.
Qishloqda mulkchilikning yangi shakli bo‘lib fermerlar mustahkam o‘rin egallayotir. Bugun ular bilan hamnafas, hamqadam dehqonchilikka bosh-qosh bo‘lishingizning ahamiyati juda kattadir.
Ushbu murojaatnomaning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishda Sizlarning boy hayotiy tajriba va tashkilotchilik qobiliyatlaringiz borligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham Sizlardan ana shu salohiyatlaringizni ishga solib, o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida terimchilarni, ayniqsa, ixtiyoriy terimchilarni yig‘im-terimga jalb etishda barchamizga hamkor, hamfikr va yelkadosh bo‘lishingizga ishonamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumida shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin. Bobodehqon oldida turgan yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt yukiga yelkadoshlik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish, g‘ururlanish va or-nomus uchun kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishlarda faol ishtirok etishingizga, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada ko‘rkam bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga va paxta yig‘im-terimida jasorat ko‘rsatishga da’vat etamiz!
Furqat tumani fermerlari kengashi ryosat a’zolari